Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tgan ilg‘or xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya bozorlari tajribasidan kelib chiqib, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini rivojlantirish va tijorat banklarida likvidlikni boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida 2024-yil 20-fevraldan quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi:
1. Bank tizimi likvidligi umumiy holatidan kelib chiqib, banklarga likvidlik taqdim etish bo‘yicha 1 haftalik REPO auksionlarini o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
REPO auksionlari haftaning dushanba kunlari soat 11:00 da o‘tkaziladi va tijorat banklariga hafta davomida zarur bo‘ladigan likvidlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu auksionlar o‘zgaruvchan foiz stavkada (minimal – asosiy stavka) bank tizimi likvidligi prognozi asosida belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
2. Markaziy bankning tijorat banklariga likvidlik taqdim etish bo‘yicha kun davomidagi kredit instrumenti – bank to‘lov kuni yopilgunga qadar foizsiz kredit operatsiyalari joriy etiladi. Ushbu instrumentni qo‘llashdan asosiy maqsad bank tizimida to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash hamda banklarga kun davomida zaruriy likvidlikni taqdim etib borish hisoblanadi.
Bunda banklar ushbu instrument orqali jalb etilgan mablag‘lardan kun davomida foydalanib, to‘lov kuni yakuniga qadar qaytarishi ko‘zda tutiladi. Bank to‘lov kuni yopilgunga qadar qaytarilmagan kun davomidagi kredit instrumentlari avtomatik ravishda foizli overnayt operatsiyalariga aylanadi.
3. Banklararo pul va REPO bozorlari operatsiyalarini bank to‘lov kuni yopilganidan so‘ng 30 daqiqa davomida amalga oshirish hamda Markaziy bankning overnayt operatsiyalaridan bank to‘lov kuni yopilganidan so‘ng 1 soat davomida foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Ushbu o‘zgartirish natijasida tijorat banklari mijozlari bilan to‘lov operatsiyalari yakunlanganidan so‘ng likvidlikni o‘zaro qayta taqsimlash va so‘ngra Markaziy bank operatsiyalariga murojaat qilish imkoniyati yuzaga keladi. Bunda banklararo pul va REPO bozorlarida banklar faolligining yanada ortishi kutilmoqda.
4. Pul-kredit operatsiyalarini amalga oshirishda kredit xatarini minimallashtirish maqsadida likvidlikni taqdim etishga mo‘ljallangan operatsiyalar bo‘yicha garov mulkiga nisbatan 5 foizlik chegirma qo‘llanilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Yuqoridagi o‘zgartirishlar natijasida tijorat banklariga likvidlikni boshqarishda qo‘shimcha qulaylik yaratiladi, kunlik to‘lov tizimi uzluksizligi ta’minlanadi hamda pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha kredit xatari minimallashtiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101003 | Инструменты