Huawei 1
Markaziy bank naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratmoqchi

Markaziy bank O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 11-aprel kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov ma’lum qildi. 

Regulyatorning 2025-yilga mo‘ljallangan rejalari haqidagi savolga Mirhayotov Markaziy bank to‘lov QR-kodlari bo‘yicha yagona standartlarni ishlab chiqish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan ko‘pincha QR-kodli bir nechta taxtachalar o‘rnatilgan bo‘ladi, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tug‘diradi, dedi u.

“Biz yagona standart yaratishni maqsad qilganmiz. Unga ko‘ra, tashkilotda QR-kod o‘rnatiladi va mijoz uning yordamida o‘zi xohlagan mobil ilova yoki to‘lov xizmati orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Mirhayotov.

Regulyator To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ushbu QR-kodni ishlab chiqish uchun bir yil vaqt kerak bo‘ladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda individual QR-kod olgan tadbirkorlar soni 108 mingdan oshgan. QR-kodlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi qariyb 31% ga oshib, 441,79 mlrd so‘mni tashkil etdi.

QR-kodlar orqali to‘lovning afzalliklari qatorida POS-terminallarni o‘rnatish zaruratining yo‘qligi ta’kidlanadi Markaziy bankda. Bu biznes uchun xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, amalga oshirilgan integratsiya tufayli soliq keshbeki avtomatik ravishda hisoblanishi ham afzalliklar qatoriga kiritilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50920 | Инструменты