Aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi 13,7 foizni tashkil etdi

Markaziy bank tomonidan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizni tashkil etdi.

O‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan tezlashib, 13,7 foizni tashkil etdi.  

O‘zbekiston aholisining yillik inflyatsion kutilmasi kommunal xizmatlar narxlari ko‘tarilishidan so‘ng keskin oshdi, deyiladi Markaziy bankning martda o‘tkazgan so‘rovi natijasida. Korxonalar ham bu omilni qayd etgan, ammo ular valyuta kursi o‘zgarishining inflyatsiyaga taʼsiridan ko‘proq tashvishlanmoqda.  

Aprel oyida O‘zbekiston aholisi va biznesining kelgusi 12 oylik inflyatsiya kutilmalari 4 oylik pasayishdan so‘ng keskin oshdi.  

Aholining narxlar kutilmasi mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 14 foizni mart oyiga nisbatan +1,2 foiz), tadbirkorlarniki 13,3 foizni (+1,1 foiz) tashkil etdi.  

Toshkent pessimistik inflyatsiya kutilmalari bo‘yicha yetakchi bo‘lib qoldi. Poytaxt aholisi 17,2 foiz (+0,3 foiz), tadbirkorlar esa 14,8 foiz (0,4 foiz) inflyatsiyani kutmoqda.  

Shu bilan birga, narxlarning o‘sishi kutilmalari Buxoro viloyatida — 15,7 foiz (+3,4 foiz), Farg‘ona viloyatida — 14,9 foiz (+1,3 foiz) va Surxondaryo viloyatida — 14,7 foiz (+2,2 foiz) ko‘rsatkichida bildirilgan.  

Biznes Toshkentda — 14,5 foiz (+1,7 foiz), Sirdaryoda — 14,4 foiz (+2 foiz) va Jizzax viloyatida — 13,9 foiz (+2,4 foiz) yuqori inflyatsiya darajasini kutmoqda. 

Mart oyidagi so‘rovlarda narxlarning oshishiga taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil kommunal xizmatlar narxining oshishi bo‘ldi — 55 foiz (mart oyida — 42 foiz).  

Keyingi 12 oy ichida narxlar oshishiga valyuta kursining o‘zgarishi taʼsir qiladi, deb hisoblagan respondentlar ulushi biroz kamaydi — respondentlarning 55 foizi shunday fikrda (avval 61 foiz edi), monopoliya va narxlarning sunʼiy oshishi — 29 foiz (35 foiz edi), transport xarajatlari — 29 foiz (28 foiz edi).  

Biznesning inflyatsion kutilmalari oshishining asosiy omili ayirboshlash kursining o‘zgarishi bo‘lib qolmoqda — 60 foiz (61 foiz edi), lekin kommunal xizmatlar narxlarining o‘sishi ham qayd etildi — 54 foiz (38 foiz edi).  

Tadbirkorlar soliq yukining yuqoriligini ham taʼkidlamoqda — 31 foiz (25 foiz edi).  

Daromadlari 10−15 million so‘m bo‘lgan aholi guruhlari o‘rtasida inflyatsion kutilmalar birmuncha pasaydi — 16,9 foizdan 16,6 foizga, 15 million so‘mdan ortiq daromadlilarda 16,1 foizdan 15,9 foizgacha pasaydi. Boshqa past daromadli guruhlarda inflatsion kutilma oshdi.  

Daromadsiz aholi uchun inflyatsion kutilmalar bir oy oldingi 12 foizga nisbatan oshib, 13,2 foizni tashkil etdi, daromadi 3−4 million so‘m bo‘lganlar uchun esa 13,1 foiz (12 foiz edi), daromadi 2−3 million so‘m bo‘lganlar uchun 11,7 foizdan 14,2 foizgacha oshdi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты