Huawei 1
Samarqandda ConFEAS 2024 xalqaro birja anjumani bo‘lib o‘tdi

19-aprel kuni Samarqandda ilk bor “Bozor infratuzilmasi va vositachilarning iqtisodiyotdagi o‘rni mavzusidagi nufuzli ConFEAS 2024 xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro birja anjumani Yevro-Osiyo fond birjalari federatsiyasi (FEAS) tomonidan O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ko‘makligida tashkillashtirildi.

Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad jahon birjalari industriyasi rivojlanishining so‘nggi tendensiyalari va istiqbollari, birja savdolarini o‘tkazishda nazorat va innovatsiyalarning tutgan o‘rni, zamonaviy kapital bozorlaridagi muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilish hamda yetakchi soha ekspertlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishdan iborat edi.

Tadbirda dunyoning 20 dan ziyod mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi xorijiy tovar, fond va valyuta birjalari, kliring tashkilotlari, markaziy depozitariylar, tijorat banklari, investitsion kompaniyalar, dasturiy yechimlar provayderlari va IT-kompaniyalar, xalqaro moliyaviy va konsalting tashkilotlarining 200 dan ortiq delegatlari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ Boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinov o‘zining kirish so‘zida O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro birja forumi birja savdolari rivojlanishiga doir dolzarb mavzularni muhokama qilish va yetakchi soha ekspertlar o‘rtasida tajriba almashish hamda birjalararo hamkorlikni kengaytirish uchun samarali maydon ekanligini taʼkidladi.

Forumning panel muhokamalarida moliya bozori infratuzilmalarining arxitekturasi, kapital bozorlarining rivojlanish tendensiyalari va muammolari, bozorlarni tartibga solish masalalari, muqobil birja vositalari va texnologiyalari, moliyaviy vositachilik, kliring va risk-menejment, ESG boshqaruvi va investorlar bilan aloqalar kabi mavzular keng muhokama qilindi.

Muhokamalarda Bloomberg, AQSH Tovar fyucherslari bo‘yicha komissiyasi (CFTC), Gryphon Holdings, Voelter Financial Advisory kabi nufuzli tashkilotlarning yetakchi ekspertlari, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Ruminiya, Shimoliy Makedoniya, BAA, Xitoy, Hindiston, Singapur, Tailand, Turkiya, Iordaniya, Ummon, Eron, Zambiya, Nigeriya, Qozog‘iston, Tojikiston, Gruziya va Armaniston kabi mamlakatlarning birjalari, markaziy depozitariylari va konsalting kompaniyalari vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi vakillari “Kapital bozorlaridan tashqari vositalar, texnologiyalar va sinergiya va “ESG boshqaruvi va investorlar bilan aloqalar” mavzularidagi ConFEAS 2024 panel sessiyalarida so‘zga chiqdilar.

Birja ekspertlari o‘z chiqishlarida birja savdosi va elektron tijorat sohalarida erishilgan so‘nggi yutuqlar, jumladan, korporativ boshqaruvning samaradorligi va “yashil energiya sertifikatlari”ni sotish bo‘yicha yangi vositalarni joriy etish natijalari haqida so‘zlab berdilar.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi ayni paytda MDH mamlakatlaridagi eng yirik tovar birjalaridan biri hisoblanadi. Birjaning yillik tovar aylanmasi O‘zbekiston YAIM ning 15 foiziga to‘g‘ri keladi.

UZEX birjasi birja savdolarini tashkillashtirishdan tashqari, davlat xaridlarining operatori hisoblanadi hamda elektron tijorat bo‘yicha yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Bu esa O‘zbekiston birjasini jahon birjalari industriyasida noyobligini ko‘rsatadi.

Bunda, birjaning barcha savdo platformalarida savdolar va o‘zaro hisob-kitoblarning shaffofligi, bozor narxlarining shakllanishi teng darajada taʼminlanadi hamda tuzilgan bitimlarning bajarilishi kliring tizimi orqali kafolatlanadi.

Birja tomonidan qo‘llanilayotgan ilg‘or IT-texnologiyalar amaldagi savdo va hisob-kitob infratuzilmasining uzluksiz, yuqori darajada ishlashi va nosozliklarga bardoshligini taʼminlash imkonini beradi.

Anjumanda, shuningdek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining hozirgi holati va istiqbolli rejalari haqida taqdimot ham o‘tkazildi hamda birja to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.

O‘z navbatida, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniya va birjalarning rahbarlari va ekspertlari, hamda xalqaro birja forumining boshqa ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, shu jumladan birja savdolari sohasida erishilgan yutuqlarni yuqori darajada baholadilar.

Anjuman davomida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining rahbariyati AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) va Tovar fyucherslari bo‘yicha komissiyasi (CFTC), NASDAQ fond birjasi, Phillip Capital xalqaro brokerlik kompaniyasi, Exberry va Baymarkets dasturiy taʼminot provayderlari va boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdilar.

O‘tkazilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra birja savdolarini tashkillashtirishda tajriba almashish, brokerlar va mijozlarni treydingga o‘qitish, yangi derivativ bozorlarning texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Anjuman so‘ngida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining 30-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazildi.

Maʼlumot uchun: Yevro-Osiyo Fond birjalari federatsiyasi 1995 yilda aʼzo davlatlar birjalarining rivojlanishiga ko‘maklashish, shu jumladan ularning tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, brokerlar va dilerlarni tartibga solish va o‘z-o‘zini boshqarish mexanizmlari bilan bog‘liq muammolarini hal qilish, samarali monitoringni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi 2020 yildan buyon FEAS aʼzosi hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga