Londonda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashi yig'ilishida memorandum imzolandi

Joriy yilning 28-noyabr kuni Londonda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Obidov va Buyuk Britaniya parlamenti Davlat kotibi o‘rinbosari, eksport vaziri Malkolm Offord raisligida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya savdo-sanoat kengashi (UBTIC)ning 27-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Tadbirda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, banklar, shuningdek, diplomatik missiyalar rahbarlari, jami 100dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari va rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida ikki tomonlama sheriklikning jadal, izchil o‘sib borayotganini ta’kidladilar. Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi 5 yilda ikki barobardan ziyod oshib, joriy yilning 10 oyi yakuni boʻyicha 315 mln dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi 273 ta korxona, jumladan, 162 ta qo‘shma korxona va 111 ta 100 foiz Britaniya kapitali asosida tashkil topgan korxona faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaga eksport qilinayotgan O‘zbekiston mahsulotlarining nomenklaturasini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, tadbir doirasida moliyaviy resurslarni jalb qilish va ulardan foydalanish, ta’lim, to‘qimachilik sanoati, transport, raqamli texnologiyalar va biznes jarayonlarda autsorsing masalalariga bag‘ishlangan panel munozaralari ham o‘tkazildi.

Forum ishtirokchilarining fikriga ko‘ra Britaniya savdo-sanoat kengashi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun samarali platformaga aylandi.

Tadbir yakuni bo‘yicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy aloqalarini yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xarita” hamda uchrashuvlar davomida erishilgan natijalarni amalga oshirish boʻyicha qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты