Jizzax Organic marmar go'sht olish uchun buqacha (novvos)larni ko'paytirishga kirishdi. Klaster, shuningdek, bozorga hidsiz parhez qo'y go'shtini va oson o'zlashtiriladigan A2 sutini yetkazib beradi.
20 noyabrda O'zbekistonning eng yirik qishloq xo'jaligi klasteri bo'lgan Jizzax Organic jurnalistlar uchun press-tur tashkil etdi. Hudud bo'ylab ekskursiyani bosh chorvador Rodni Dj. Gilford olib bordi.
31.10.2020 yil holatiga ko'ra Jizzax Organic investitsiyalarining umumiy hajmi 62 mln AQSH dollarini tashkil etdi. 2022 yil oxiriga kelib Sanoatqurilishbankning kredit mablag'lari hisobiga bu ko'rsatkich 150 mln AQSH dollariga yetadi.
Jizzax viloyati hokimiyati ozuqa bazasini yaratish uchun klasterga 10,7 ming gektar yer ajratdi, undan 5,6 ming gektariga 2020 yildayoq ekin ekildi.
«Biz oxirgi 30 yil mobaynida foydalanilmagan yerlarning unumdorligini tiklash bo'yicha doimiy ish olib boramiz. Buning uchun organik o'g'itlar, almashlab ekish va nemislarning ilg'or qishloq xo'jalik texnikasi qo'llaniladi. Bu yilda klasterimiz 1,5 ming gektar yerni almashlab ekishga qaytardi, keyingi yilda yana 4,5 ming gektar yer qaytariladi. Podani muvozanatlashtirilgan ozuqa bilan ta'minlash uchun dalalarga 5 xil ekin: bug'doy, arpa, makkajo'xori, beda va yaylov o'tlari ekiladi, yerning bonitetini oshirish uchun ular mosh, soya va kungaboqar bilan almashlab ekiladi», — dedi Jizzax Organic bosh agronomi Asanov Rustam.
Jizzax Organicning qishloq xo'jalik texnikasi parki 164 donadan iborat bo'lib, uning umumiy qiymati 10 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Tuproqqa imkon qadar kamroq ta'sir qilish uchun texnikaning bitta o'tishida bir nechta operatsiya bajariladi, shuningdek o'g'itlarni manzilli solish va yerga uncha chuqur bo'lmagan ishlov berish amaliyoti qo'llaniladi.
Milliy klasterning o'simlikshunoslikka kiritilgan investitsiya hajmi 15,3 mln AQSH dollarini tashkil etdi. 2022 yil oxiriga kelib bu ko'rsatkich 23 mln AQSH dollariga yetadi. Jizzax Organic milliy klasterining faoliyati Jizzax viloyati hokimligining ko'magida amalga oshiriladi.
Sut fermasining loyihasi bilan Italiyaning «RotaGuidoSrl» kompaniyasi shug'ullandi. Kompleks sut bloki, sigirlar uchun molxona, buzoqlar uchun molxona, tuqqan sigirlar uchun bokslar, karantin hududlari, ozuqa omborlari, sayr maydonchalari va go'ngni mollar tagiga solish uchun separatsiyalash kompleksini o'z ichiga oladi.Sigirlar uchun molxonada ozuqa stollari, isitiladigan va artezian suvini uzatadigan mexanizmli sug'orgichlar, iqlim nazorati tizimi, iqlim sharoitlaridan himoyalash uchun pardalar va go'ngni avtomatik tarzda chiqarib tashlash tizimi o'rnatilgan.
«Qulay mikroiqlim kavsh qaytaradigan mollar uchun muhim ahamiyatga ega. Sigirlar to'g'ri boqilganida ularning kam uxlashi va ko'p sut berishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Yorug' kunning eng uzoq davomiyligi 16 soatni tashkil etadi. Qishda yoritishning zaruriy darajasi innovatsion yorug'lik asboblari yordamida yaratiladi. Shuningdek, mollarning ishtahasi yaxshi bo'lishi uchun binoda ma'lum temperatura rejimini saqlab turish zarur, chunki xuddi sovuq havo kabi, issiq havo ham sog'ib olinadigan sut miqdori pasayishiga olib keladi. Sigirlar boqiladigan molxonada temperatura 10°C dan pasayib ketmasligi va 32°C dan oshib ketmasligi kerak», — dedi Jizzax Organic bosh chorvadori Rodni Dj. Gilford.
2022 yilda Jizzax Organic Yevropadan kuniga 30 litrgacha sut bera oladigan Golshtin-friz zotiga mansub sigirlarni import qiladi. Klaster o'zining yuqori darajada o'zlashtirilishi va allergik reaksiyalar xavfining pastligi bilan ajralib turadigan A2 sutining birinchi ishlab chiqaruvchilaridan bo'ladi. Sut ishlab chiqarish unumdorligini yiliga 35 ming tonnagacha yetkazishmaqsad qilib olingan.
Sut fermasini qurish ishlari 30%ga bitkazilgan. 31.10.2020 yil holatiga ko'ra investitsiyalar hajmi 12,5 mln AQSH dollariga teng. 2020 yil oxirigacha investitsiyalar 53 mln AQSH dollarigacha oshadi.
Bugungi kunda Jizzax Organicning go'sht uchun mo'ljallangan podalari deyarli 5 ming boshga yaqin Angus va Gereford zotlaridan iborat. Klaster uning bazasida O'zbekistonda marmar go'sht ishlab chiqarishning birinchi bosqichini yo'lga qo'yadi. Bir yil oldin keltirilgan 590 bosh Angus zoti sigirlari 220 bosh buzoqdan iborat avlod berdi, bu yilning oktyabr oyida esa Rossiya va AQShdan yana 4 ming bosh g'unajin keltirildi.Sigirlar zarur emlashlar, ultratovushli tekshiruvdan o'tkazildi va qishki katta molxonalarda bog'lanmasdan boqilmoqda. Molxonalar yuklash-tushirish hududi va “Korall” chorvachilik kompleksi bilan jihozlangan.
«„Korall“ kompleksi chorvachilik muolajalarini stressiz o'tkazish uchun mo'ljallangan. U mollarning tartibga solingan oqimini shakllantirish va ularni yoshi bo'yicha toifalarga ajratish imkonini beradi. Vakuum dastgohlar sigir va buqalarni tortish, ko'rikdan o'tkazish va emlash vaqtida tutib turish uchun xizmat qiladi.Me'yordan og'ishlarni o'z vaqtida aniqlash, oziqlantirishni to'g'rilash uchun podadagi mollar vaznini har oyda tortib turish yoki to'liq veterinar ko'rigidan o'tkazish talab etiladi», — deydi Jizzax Organic bosh chorvadori Rodni Dj. Gilford.
G'unajinlar yoshiga qarab ajratilgan bo'lib, ularga tasdiqlangan ratsionlarga muvofiq ozuqa beriladi. Jizzax Organicdamollarning yoshiga va nima uchun mo'ljallanganligiga bog'liq holda oziqlantirishning 50 dan ortiq dasturi ishlab chiqilgan.
Donning mazasini yaxshilash va ozuqalik qiymatini oshirish uchun unga ekstruderlarda ishlov beriladi (bosim va yuqori temperatura ostida maydalanadi). Hozir klaster mutaxassislari bug' tegirmoni va gidroponika (donni tuproqsiz o'stirish) sexlarini ishga tushirish ustida ishlamoqdalar. Bu ozuqaning o'zlashtirilishini 40% dan 98% gacha oshiradi.
Ekologik toza, ingichka tolali mol go'shtining dastlabki partiyasi Saxovat do'konlarida bu yilning o'zidayoq paydo bo'ladi.
Valley amerika sug'orish qurilmalarining eng yangi rusumli avlodini o'rnatish uchun Jizzax Organic 20 km magistral quvurlarni o'tkazdi.
«Yomg'irlatish qurilmalari suv sarfini kamaytiradi va mahsulot tannarxiga bevosita ta'sir qiladi.Biz mollarni boqishning erkin o'tlatish konsepsiyasini tanladik, bu mollarni saqlashning eng maqbul va qulay usuli. Butun yil mobaynida ochiq havoda bo'lish immunitetni kuchaytiradi va podada yuz berishi mumkin bo'lgan stress holatlarini ancha kamaytiradi. Maydonlarga bir marta yaylov o'tlarini ekib va yomg'irlatish qurilmalarini o'rnatib, biz qurg'oqchil bo'lgan Jizzax yerlarida o'z-o'zidan yangilanib boradigan ozuqa bazasiga ega bo'lamiz. Bundan tashqari, yaylovda boqilayotgan mollar yerlarni o'g'itlaydi ham, bu esa o'simliklarning faol o'sishiga yordam beradi. Shu tariqa, yilning issiq vaqtida biz ozuqa uchun sarf-xarajat qilmaymiz, bu bilan go'sht qiymatini ham pasaytiramiz», — deydi Jizzax Organic bosh gidrotexnigi Klinkin Dmitriy.
Sug'orish kompleksi 600 gektar yaylov va ozuqa ekinlari maydonini sug'oradi. 2021 yilda Jizzax Organic yana 3300 gektar yerda yomg'irlatish uskunalarini o'rnatadi.
2020 yil noyabrda milliy klaster O'zbekistonga Avstraliyadan Dorper zotining 2100 bosh qo'chqor va qo'ylarini olib kirdi. Ular ozuqalanishda injiq emas va issiq, quruq iqlimga yaxshi bardosh beradi. Qo'chqorlarning kunlik vazn orttirishi 700 grammgacha yetadi, go'shtining esa o'ziga xos hidi bo'lmaydi.
«Dorper — Janubiy Afrika zoti, lekin biz birinchi marta bu qo'y zotini Janubiy Afrika Respublikasidan emas, Avstraliyadan olib keldik. Bu Janubiy Afrikada yil fasllari almashinuvi yo'qligi bilan bog'liq bo'lib, mollarda moslashish qiyin kechishi mumkin edi. Qo'ylarimizning bir necha avlodi Avstraliyada yashagan, shu tufayli ular shamol, issiq va temperatura o'zgarishlariga o'rgangan. Dorperlarni parvarishlash oson, junini olish shart emas va o'simliklarning 400 dan ortiq turini yeydi, bu esa ularni boqish xarajatlarini kamaytiradi va yakuniy mahsulotni arzonlashtiradi. Bundan tashqari, bu zotga mansub qo'ylar 70% hollarda ikkinchi tug'ishida ikkitadan qo'zi tug'adi. Bu bizga qisqa muddatlarda podadagi qo'ylar boshini ko'paytirish imkonini beradi», — dedi Jizzax Organic bosh zootexnigi Barishnikov Sergey.
Jizzax Organic mutaxassislarining prognozlariga ko'ra, 2021 yilda zotdor qo'ylar podasi soni 6000 boshga yetadi, 2022 yilda esa parhez qo'zichoq go'shti chakana savdo nuqtalariga yekazib beriladi. Klasterning qo'ychilikka kiritilgan investitsiya hajmi 31.10.2020 yil holatiga ko'ra 2,8 mln AQSH dollariga teng. 2022 yil oxiriga kelib investitsiya miqdori 9,6 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
Ma'lumot uchun
Jizzax Organic MCHJ Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 iyuldagi 619-sonli qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda belgilangan vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan. Korxonaning faoliyati O'zbekistonning qishloq xo'jaligi sektorini rivojlantirishga yo'naltirilgan. Jizzax Organic MCHJ chorvachilik, o'simlikshunoslik va seleksiya-genetik ishlari bilan shug'ullanadi. Jizzax qishloq xo'jaligi klasterining umumiy sarmoyasi miqdori 150 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60600 | Инструменты