Huawei 2
Jahon banki: O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqargan

Jahon banki 2024-yil 9-mayda “O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish yo‘li: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari” hisobotini eʼlon qildi.

Unda O‘zbekistonda 2015 – 2022 yillarda kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqargani, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori natijaga erishgan mamlakatlardan biri ekani qayd etilgan.  

Bunda o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kiruvchi davlatlar uchun foydalaniladigan xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2015 yildagi 35,9 foizdan 2022 yilda 17,3 foizgacha pasayib, 5,1 million aholi kambag‘allik holatidan chiqarildi.  

Shu bilan birga, hisobotda milliy kambag‘allik chegarasi 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizgacha pasaygani taʼkidlangan. Jumladan, 2021-2023 yillarda qishloq joylarida 1,2 million aholi va shaharlarda 400 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan.  

O‘z navbatida, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi iqtisodchilari tomonidan kambag‘allikning qisqarishi va aholi turmush darajasining o‘zgarishini ko‘rsatuvchi maʼlumotlar tahlil qilindi. Xususan, 2015-2023 yillarda uy xo‘jaliklar soni 6,2 milliontadan 7,3 milliontaga yetganiga qaramasdan 2015 yilda 10 ta uy xo‘jaligidan 4 tasida avtomobil bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda mazkur ko‘rsatkich 6 tagacha yetdi.  

Shuningdek, ichki bozorda sotilgan yangi yengil avtomobillar soni 2015-yildagi 186 mingdan (mahalliy i/ch – 178,4 mingta; import – 7,2 ming) 2023-yilda qariyb 500 mingtaga (420 mingta; 80 mingta) yetdi. 2017-2023-yillarda 419 mingta fuqaroga 67 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilib, jami 358 mingta kvartiralik yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.  

Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, 1991-2016 yillarda 105 mingta kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilgan. 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan konditsionerlar soni 2015 yildagi 32 tadan 2023 yilda 47 taga yetgan. Bunda o‘sish 47 foizni tashkil etadi. Kompyuterlar 47 tadan 66 taga (40%) va changyutgichlar 53 tadan 71 taga yetdi (34%).  

Internet tarmog‘iga ulangan abonentlar soni 2015 yildagi 8,3 milliontadan 2022 yilga kelib, 26,7 milliontaga (3,2 baravar) yetib, aholini internet xizmatlari bilan qamrov 26 foizdan 71 foizga yoki 15 yoshdan yuqori aholi soniga nisbatan to‘liq qamrab olindi. 

Aholi daromadlarining oshishi xususiy maktablarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirib, ularning sonini 2018 yildagi 30 tadan 2023 yilga kelib 350 tagacha oshirish imkonini berdi.  

Oliy taʼlim muassasalarida talabalar soni 2016/2017-o‘quv yilidagi 270 ming nafardan 2023/2024-o‘quv yilida 1,4 million nafarga yetib, oliy taʼlim qamrovi 9 foizdan 42 foizgacha oshdi. Shuningdek, 2018-2023-yillarda 26 mingdan ziyod nodavlat bog‘chalar tashkil etilib, hozirda ularda 788 ming nafar bola maktabgacha taʼlimga jalb qilindi. Natijada maktabgacha taʼlim qamrovi darajasi 2017 yildagi 25,4 foizdan 2023 yilda 74,4 foizga yetdi.  

Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, turizm maqsadlarida xorijga chiqqan fuqarolar soni 2016 yildagi 295 ming kishidan 2023 yilga kelib 661 ming kishiga (o‘sish – 2,2 baravar), turizm xizmatlari importi 340 million dollardan 1,3 milliard dollarga yetdi.  

Bunda, “Haj” va “Umra” safariga boruvchi aholi 2016 yildagi 13 ming nafardan 2023 yilda 115 ming nafarga yetib, so‘nggi 8 yil ichida 537 ming ziyoratchi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Shu bilan birga, birgina Turkiya shaharlariga O‘zbekistondan haftasiga o‘rtacha reyslar soni 2016 yilda 10 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda mazkur ko‘rsatkich 90 taga yetdi.  

2015–2023 yillarda mehmonxonalarga tashrif buyuruvchilar soni 1 millionga oshib, mazkur davrda qo‘shimcha 24,4 ming o‘rinlik 506 ta mehmonxona ishga tushirildi.  

2015–2023-yillarda o‘rtacha oylik ish haqi 4 barobarga, rasmiy sektorda bandlar 5,3 milliondan 6,5 millionga oshdi hamda 2020-2023 yillarda 2,5 milliondan ortiq aholining o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi taʼminlandi.  

Faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 2016 yildagi 491 mingtadan 2023 yilga kelib, 811 mingtaga yoki 1,7 barobarga oshdi. Shu bilan birga, 2022–2023-yillarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan qariyb 200 ming gektar yer maydoni uzoq muddatli ijara asosida 675 mingta oilaga ajratildi.  

Umuman olganda aholi daromadlarining oshishi kreditlar hajmining o‘sishiga zamin yaratib, jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qoldig‘i 2017 yildagi 14 trillion so‘mdan 2023 yilda 150 trillion so‘mga yetdi yoki 11 barobarga oshdi.  

Aholini masofaviy bank xizmatlari bilan qamrab olish 2019 yildagi 10 million foydalanuvchidan 2023 yilda 44 milliongacha o‘sdi. Jon boshiga kunlik daromad xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha 2017 yil narxlarida kuniga 6,85 dollarni tashkil etgan.  

Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-dekabr oylarida aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmida Toshkent shahri (44 million 427,9 ming so‘m) hamda Navoiy (31 million 445,6 ming so‘m), Buxoro (23 million 480,3 ming so‘m) va Toshkent (20 million 730,2 ming so‘m) va Xorazm (20 million 076,6 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgani kuzatilgan.  

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi esa o‘tgan yili 102,4 foizni tashkil etdi. Xuddi shu ko‘rsatkich 2022 yilning yanvar-dekabr holatiga 107,3 foizni tashkil etgan.  

Maʼlumot uchun, aholining real umumiy daromadlari – aholining nominal umumiy daromadlarini tegishli davr uchun isteʼmol narxlari indeksiga bo‘lish yo‘li bilan hisoblanadi.  

Aholining umumiy daromadlari hajmi sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 29,7 foiz ulushga ega bo‘lgan yollanma ishchilarning daromadlari va 34,3 foiz ulushga ega mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar hamda 26,7 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.  

Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasi aholi jon boshiga umumiy daromadlari 4,7 million so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan real o‘sish surʼati 109,2 foiz.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga