Huawei 1
Guliston shahrida O'zbekiston-Janubiy Koreya biznes forumi bo'lib o'tdi

Janubiy Koreyaning Kvanju shahri Kvansan-gu tumani hokimi Pak Byun Kyu boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonda bo'lib turibdi

O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tashabbusi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi taklifi bilan hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish maqsadida tashkil etilgan tashrif doirasida 20-21-aprel kunlari Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida O'zbekiston-Janubiy Koreya biznes forumi o'tkazildi. 

Unda Koreya Respublikasining 100 dan ziyod yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida B2B va B2G shaklidagi muzokaralar o'tkazildi.

Guliston shahridagi "Tadbirkorlar va hunarmandlar markazi"da bo'lib o'tgan forumning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Kvanju shahri Kvansan-gu tumani hokimi Pak Byun Kyu, Koreya-O'zbekiston biznes assotsiatsiyasi (KUBA) raisining birinchi o'rinbosari Kim Chang Keon ishtirok etdilar.

Forum doirasida koreyalik mehmonlar Guliston va Yangiyer shaharlarida hamda Xavos tumanida joylashgan qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab Yoshlar texnoparkida bo'lgan Janubiy Koreya ishbilarmon doira vakillariga yoshlarning innovatsion g'oyalari va startap loyihalarini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.  Shuningdek, forum ishtirokchilari Yangiyer shahridagi "Mebelsozlik klasteri"da bo'lib ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarni ko'zdan kechirishdi. Ularga hamrohlik qilgan Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov "Sirdaryo" erkin iqtisodiy zonasi hamda Yangiyer hududida xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma'lumot berdi.

Bir so'z bilan aytganda, ikki kun davom etgan biznes forum xorijiy investorlarga o'zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, izchil rivojlanayotgan va istiqbolli Sirdaryo bozorida biznes yuritishning yangi qirralarini ochish imkonini berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga