Avvalroq, prezidentning "Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
Qarorga ko'ra, Marg‘ilon shahrida Madaniyat va turizm vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etiladi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- askiya va qiziqchilik ijrochiligi yo‘nalishida “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, madaniyat va ta’lim muassasalarida askiya va qiziqchilik san’ati to‘garaklarini tashkil etish;
- o‘zbek xalq og‘zaki ijodining askiya va qiziqchilik san’atini saqlash va targ‘ib etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, bu borada, ijodkorlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
- askiya va qiziqchilik bilan shug‘ullanuvchi ijodkorlarga har tomonlama ko‘maklashish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, ko‘rik-tanlov, ijodiy kechalar, askiya va qiziqchilik tomoshalarini tashkil etish;
- askiya va qiziqchilik san’atining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllarini asrash va targ‘ib etish, sahnaviy syujetlarini rivojlantirish hamda iste’dodli so‘z ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan Markazni saqlash va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy budjetdan 2023-yilda 2,3 milliard so‘m, 2024-yildan boshlab esa markaz talabnomasi asosida zarur mablag‘lar ajratilishi belgilandi.
Ushbu markaz Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri Mustaqillik ko‘chasi, 470 a-uy manzilida joylashgan Marg‘ilon madaniyat markazi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Madaniyat va turizm vazirligiga ikki oy muddatda quyidagi ishlarni amalga oshirish topshirig'i yuklandi:
- Markaz ustavi va tuzilmasini tasdiqlasin hamda uning samarali faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, davlat madaniyat tashkilotlari shtat birliklarining sonini maqbullashtirish hisobiga markazga 12 ta shtat birligi ajratish;
- ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish uchun davlat buyurtmalarini berish hamda mahorat maktablari faoliyati natijadorligini baholash tartiblarini tasdiqlash belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121322 | Инструменты