Huawei 1
“Tata Steel Chess-2025”ning ilk turida Abdusattorov durangga, Yoqubboyev g‘alabaga erishdi

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining bu yilgi musobaqalari qiziqarli o‘yinlarga boyligi bilan ajralib turibdi.

“Masters” guruhida g‘oliblik uchun kurash olib borayotgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 1-turda qora donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa bilan kuch sinashdi.

O‘ziga xos kechgan kurashning 42-yurish holatidagi tenglik tomonlarning murosa yo‘lini tanlashiga olib keldi.

1-tur yakunlariga ko‘ra, Nodirbek 0,5 ochko bilan g‘oliblikka daʼvogarlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Xalqaro turnirning 2-turida Abdusattorov yana bir hindistonlik Leon Lyuk Mendonka bilan oq donalarda kuch sinashadi.

Musobaqaning “Chellenjer“ guruhida dona surayotgan Nodirbek Yoqubboyev dastlabki turda hindistonlik Divya Deshmux bilan ro‘baro‘ keldi. Uchrashuvning 48-yurish vaziyatida qora donalarda harakatlangan hamyurtimiz g‘alabani tantana qildi.

Endi turnirning 2-turida Yoqubboyev oq donalarda qozog‘istonlik Kazebek Nogerbek bilan bahs olib boradi.

1-tur yakunlariga ko‘ra, Abdusattorov 8 nafar shaxmatchi singari 0,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 4-o‘rinni egallab turibdi.

Ushbu turda raqiblarini mag‘lub etgan hindistonlik Gukesh Dommaraju va germaniyalik Vinsent Kaymer 1 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.

“Chellenjer“ guruhida qatnashayotgan 14 nafar shaxmatchi orasida Nodirbek Yoqubboyev 4 nafar ishtirokchi kabi 1 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 2-o‘rinda bormoqda.

13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” musobaqalari 2 fevralga qadar davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20810 | Инструменты