Sirdaryoda avgust oyida 2 yoshli bog‘cha bolasi vafot etgani, hodisa bolaning tomog‘iga ovqat tiqilgani sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Bolalar ombudsmani matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot berdi.
Xabar berilishicha, hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, uning xulosasiga ko‘ra, I.S. nafas yo‘llari berkilib qolishi natijasida (obturatsion asfiksiya) vafot etganligi qayd etilgan.
Aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti masʼul shaxslari bolaning tug‘ilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini shu kunga qadar davolash choralarini ko‘rmasdan, masʼul mansabdor shaxslar tomonidan bu borada qatʼiy nazorat o‘rnatilmagan.
Shu bilan birga, I.S. ni bog‘chaga qabul qilishda bolaning umumiy sog‘lig‘i haqidagi maʼlumotnoma olinmasdan hamda bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsada, tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilingan.
Shuningdek, masʼullar tomonidan bolada sog‘lig‘i bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlar doimiy nazoratga olinmagan hamda kuzatilgan dastlabki tibbiy simptomlarni muntazam ravishda nazorat qilib borilmasdan, malakali birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmagan.
11-sentyabr kuni I.S.ning vafot etganligi holati yuzasidan Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti masʼul xodimlariga nisbatan JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 192-11-moddasi 1-qismi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100723 | Инструменты