O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya Federatsiyasi yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqarolar davlat chegarasi nazorat-o‘tkazish punktlarini kesib o‘tishda davlat chegarasini kesib o‘tish qonunchiligiga qatʼiy rioya etishlari so‘ralmoqda.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ayrim O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Qozog‘iston hududida davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinish holatlari qayd etilgan. Qozog‘iston vakolatli idoralari maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur shaxslar qo‘lga olingan va Jinoyat kodeksining 392- va 394-moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, joriy yil sentyabr oyidan Qozog‘istonda chegara buzilishi holatlari uchun jazo choralari yana-da kuchaytirilgani, xususan, uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangani qayd etilgan.
Aqtaudagi Bosh konsulxona tomonidan taʼkidlanishicha, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki bu harakatga urinishning o‘zi ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Murojaatda O‘zbekiston fuqarolariga quyidagilarga amal qilish tavsiya etilgan:
davlat chegarasidan o‘tish tartibini qatʼiy saqlash;
noqonuniy “aylanma yo‘llar” yoki “oson o‘tish yo‘llarini” taklif qilayotgan shaxslarga ishonmaslik;
qonunga zid sxemalarda ishtirok etmaslik.
Bosh konsulxona fuqarolar xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida chegara qoidalarini buzmaslik har bir shaxsning shaxsiy masʼuliyati ekanini eslatdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120212 | Инструменты