Huawei 1
Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni tashkil etishda ta’sis shartnomasini tuzish talabi bekor qilinadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Fuqarolik va Soliq kodekslariga, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi bir qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat tashkiliy-huquqiy shakllari bekor qilinmoqda. Shuningdek, Fuqarolik kodeksida korporativ shartnoma, konsorsium, konsorsium shartnomasi kabi institutlarning huquqiy maqomlarini belgilash, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni tashkil etishda ta’sis shartnomasini tuzish talabini bekor qilish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, uni to‘xtatib turish, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish, qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalari va (yoki) o‘zining rasmiy veb-sayti orqali ular yuz bergan sanadan ikki ish kuni ichida e’lon qilishi belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21505 | Инструменты