Raqobat Qo‘mitaning sudlarda respublikaning turli hududlarida raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
Navoiy viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan “ISSIQLIK MANBAI” DUKning murojaati asosida o‘rganish o‘tkazilib, “HUDUDGAZ NAVOIY” gaz taʼminot filiali tomonidan “ISSIQLIK MANBAI” DUKning Uchquduq filiali suv isitish va issiqlik markazi qozonxonalarida 2024 yil yanvar-mart oylarida tabiiy gaz mahsuloti hisoblash vositalarida ko‘rsatilgan hajmlardan tashqari jami ortiqcha 2,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ olganligi aniqlandi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur mablag‘ni “ISSIQLIK MANBAI” DUKga qaytarish va moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqarildi. Filial bu qarordan norozi bo‘lib, sudga daʼvo arizasini kiritdi, biroq sud tomonidan filialning arizasi rad etildi va Raqobat qo‘mitasining qarorlari qonuniy deb topildi.
Sirdaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida “HUDUDGAZ SIRDARYO” gaz taʼminoti filiali tomonidan suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishi sohasida “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi hamda “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilganligi aniqlandi. Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan filialga 63 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni isteʼmolchilarga qaytarish to‘g‘risida tegishli ko‘rsatma berildi. Filial bu ko‘rsatmadan norozi bo‘lib, sudga daʼvo arizasini kiritdi. Sud jarayonida filialning daʼvolari asossiz deb topilib, sud tomonidan hududiy boshqarmaning foydasiga hal qiluv qarori eʼlon qilindi.
Jizzax viloyati misolida
“HUDUDGAZ JIZZAX” gaz taʼminoti filiali tomonidan fuqaroga 3 mln so‘mdan ortiq asossiz gaz isteʼmoli hisoblanganligi aniqlandi. Qonunbuzarlik aniqlanganidan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi tomonidan filialga ogohlantirish xati yuborilgan, biroq bu holat gaz taʼminoti filiali tomonidan vaqtida bartaraf etilmagan va oqibatida hududiy boshqarma tomonidan Jizzax tumanlararo sudiga “HUDUDGAZ JIZZAX” gaz taʼminoti filialiga isteʼmolchi foydasiga qayta hisob-kitob qilish majburiyatini yuklash to‘g‘risida daʼvo ariza kiritilgan. Sud tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, “HUDUDGAZ JIZZAX” gaz taʼminoti filiali isteʼmolchining manfaatiga mos ravishda qayta hisob-kitob qilishi shartligi belgilandi.
Ushbu holatlardan ko‘rinib turibdiki, gaz taʼminoti filiallari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar sud tomonidan ko‘rib chiqilgan va Raqobat qo‘mitasining qarorlari to‘g‘ri deb topilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110606 | Инструменты