Dekabrda qanday ob-havo bo‘lishi kutilmoqda?

Bu yilgi dekabr oyida harorat tartibi bo‘yicha o‘rtacha iqlim meʼyoridan 1−1,5 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar qildi O‘zgidromet.

1–3 dekabr kunlari respublika bo‘yicha qish faslining boshi uchun biroz iliq va quruq ob-havo saqlanib turadi. Hududning katta qismida havo harorati kechalari –3…+2 daraja, kunduz kunlari +12…+15 daraja bo‘ladi.

4–5 dekabr kunlari respublika hududi bo‘yicha baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzi harorat +3…+6 darajagacha pasayadi. 6–7 dekabrda O‘zbekistonning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi va harorat +12…+15 darajagacha ko‘tariladi.

Keyinchalik oy oxirigacha harorat kechalari 0…+5 darajadan –2…–7 darajagacha, kunduz kunlari +10…+15 darajadan 0…+5 darajagacha o‘zgarib turadi. Oyning ayrim kunlarida (2–4 kun) yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat kechalari –2…–7 darajadan 0…+5 darajagacha, kunduz kunlari +2…+7 darajadan +10…+15 darajagacha o‘zgarib turadi.

O‘tgan yillarda dekabr qanday bo‘lgan?

Sinoptiklarga ko‘ra, o‘rtacha dekabr oyi kuzning oxirgi oyidan 4–6 darajaga sovuqroq bo‘ladi. U O‘zbekistonga qishning ilk belgilarini olib kiradi: kechalari radiatsiyaviy sovish kuchayadi, harorat manfiy darajagacha pasayadi.

Dekabr yilning eng tumanli oylaridan biridir, oyda o‘rtacha 5–8 kun tumanli kunlar kuzatiladi, ammo baʼzi yillarda tumanli kunlar soni 10–15 kunga yetadi. Shu bilan birga, bu oyda qishga xos bo‘lmagan iliq davrlar qayd etilib, bunda harorat +15…+20 darajagacha ko‘tariladi, baʼzida esa undan ham yuqori bo‘ladi.

Ushbu asrda 2002, 2006, 2011, 2012, 2020 va 2022 yillarning dekabr oylari sovuq (meʼyordan 2–4 darajaga past) bo‘lgan. So‘nggi 50 yil ichida 1984 yil dekabri eng sovuq bo‘lgan. 1984 yilgisida o‘rtacha oylik harorat meʼyordan 7–12 darajaga past bo‘lishi qayd etilgan. Bunday ahamiyatli harorat anomaliyasi juda kamdan kam hollarda uchraydi. Meteorologik kuzatuvlarning barcha qatori uchun shunga o‘xshash dekabr oylari 1877 va 1920 yillarda kuzatilgan.

Respublika hududining katta qismida sovuqlar cho‘qqisida havo harorati –20…–25 darajagacha, baʼzi joylarda –27 darajagacha, eng chekka janubda –9…–14 darajagacha pasayishi qayd etilgan. Oyning katta qismida sovuq havo hatto kunduz kunlari ham saqlanib turgan.

So‘nggi 50 yil ichida 2021 yil dekabr oyi eng iliq (meʼyordan 2–4 darajaga yuqori) bo‘lgan. Eng iliq kunlarda havo harorati +20…+25 darajagacha, janubda +26…+28 darajagacha ko‘tarilgan edi.

Respublikaning ayrim hududlarida 2021 yil dekabr oyida havoning maksimal harorati meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.

Ko‘p yillik kuzatuv maʼlumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, dekabr boshqa oylarga nisbatan global isishga moyilligi kamroqdir.

Bu oyda noyabrga nisbatan yog‘ingarchilik miqdori ko‘payadi va yog‘inli kunlar soni ortadi.

Respublika shimolida va cho‘l hududlarida yog‘ingarchilik kamroq bo‘ladi (bir oyda 8 millimetrdan 15 millimetrgacha). Oy davomida Farg‘ona vodiysi vilotlari va eng chekka janubda 17 millimetrdan 33 millimetrgacha, respublikaning qolgan hududlarida esa 35 millimetrdan 60 millimetrgacha, tog‘li hududlarda baʼzi joylarda 80–120 millimetrgacha yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Shunday dekabr oylari kuzatilganki, markaziy viloyatlarning tekislik hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik qor ko‘rinishida yoqqan va qor qoplami tanaffus bilan oy davomida saqlanib turgan. So‘nggi marta banday qorli dekabr 2002 yilda qayd etilgan. Toshkentda maksimal qor qoplami balandligi 15–30 santimetrga, tog‘larda 70–100 santimetrga yetgan, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120211 | Инструменты