O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Bu jarayonda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlar va o‘zaro loyihalar strategik ahamiyat kasb etayotir. Xususan, hamkorlikdagi iqtisodiy loyihalarni takomillashtirish va ularni yana-da samarali amalga oshirish maqsadida muntazam uchrashuvlar tashkil etilishi bu boradagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbati shunday hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ikki tomon vakillari, yetakchi investorlar ishtirok etgan ushbu tadbirda tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikdagi loyihalarni rivojlantirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimlarini topish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, turk sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, biznes tartib-qoidalarini soddalashtirish hamda infratuzilma va sanoat sohalaridagi yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida mamlakatda turk sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni uch baravarga oshib, 1903 taga yetgan. Faqatgina 2023 yilda 1,2 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lib, joriy yil boshidan beri 300 dan ortiq yangi turk kompaniyasi tashkil etilgan.
Tadbir davomida infratuzilma loyihalarini rivojlantirish, soliq imtiyozlari va pul o‘tkazmalari jarayonlarini takomillashtirish, transport va sanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni jadallashtirish kabi yo‘nalishlarda muhokamalar o‘tkazildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mavjud muammolarni tizimli tahlil qilish va samarali yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tahlilchilar taʼkidlaganidek, ikki tomonlama hamkorlikdan manfaatdor tomonlar uchun ushbu muloqot muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yangi istiqbollarni belgilab berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12000 | Инструменты