Joriy yil yanvar-iyun oylarida 333,3 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, prognoz 109,7 foizga bajarildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekneftgaz”AJ axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov maʼlum qildi.
Joriy yilning o‘tgan davr mobaynida uglevodorodlarni qazib chiqarish ko‘rsatkichlariga erishish uchun, 43 ta quduq burg‘ilandi.
Ustyurt hududida chuqur yura qatlamlarining gazga istiqbolliligini o‘rganish maqsadida, O‘zbekiston tarixida ilk bor chuqurligi 5500-6500 metr bo‘lgan “Quyi Surgil” konidagi 11-sonli, “Sarijol” konidagi 1-sonli va “G‘arbiy Quyi Surgil” konidagi 1P-sonli quduqlarda burg‘ilash ishlari yakuniy bosqichda olib borilmoqda.
Shuningdek, 40 ta ta quduqda kapital taʼmirlash va 20 ta ta texnologik chora-tadbir bajarildi. Jumladan, “Sho‘rtan” konida Xitoyning “Jereh” kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda 5 ta kichik kompressor stansiyasi ishga tushirildi.
Konlarda 4 ta gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi qurilib foydalanishga topshirildi. Tabiiy gaz uzatish barqarorligini taʼminlash uchun gaz transport tizimida 56,4 km gaz quvuri qurildi.
846,7 ming tonna uglevodorod xom ashyosi qayta ishlanib, 525,9 ming tonna avtobenzin, 307,6 ming tonna dizel yonilg‘isi, shundan “GTL” dizel yonilg‘isi – 184,3 ming tonna, 98,3 ming tonna aviakerosin, shundan “GTL” kerosini – 50,9 ming tonna va “GTL” nafta - 121,5 ming tonna ishlab chiqarildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70902 | Инструменты